SOG‘INDIM SIZNI DADA

Dada, ko’ngil sinig’i tovonimga botgaydir,
Pinhon tutganim sari g’amlar yuki ortgaydir,
Bilmam endi ko’nglimni kim siz kabi topgaydir,
Yelkangizda yurgan dam osmonning oyi edim.

Bir dod desam to’rt devor dodimga chidagaymi,
To’rt tomoni mo’rt devor yodimga chidagaymi,
Bu xotirda nelar bor,
Har lahza borki bahor…
Lahzalarda chin kulib hammadan boyib edim.

Taqdir yo’li tosh ekan,
Oq-qora yo’ldosh ekan,
Ba’zan quchoq ochganning yashirgani tosh ekan,
Bildim hamma otaning quchog’i quyosh ekan,
Qo’lingizdan tutgan dam hammadan g’olib edim!

Bu hayot yuki mening yelkamga og’ir keldi,
Sog’insam aytolmadim ko’ksimga og’riq keldi,
O’jarligu, qaysarlik ortiqdan ortiq keldi,
Men siz bilgan men emas, qayerda toyib edim.

Bir-bir aslin fosh etar ko’nglimdagi odamlar,
Yuraklarin tosh etar ko’nglimdagi odamlar,
Ko’zlarimni yosh etar ko’nglimdagi odamlar,
Bolalikda hamma pok, olam g’aroyib edi.

Dada, siz-la yurgan dam osmonning oyi edim…